TASIMO

TASIMO-2025

3 tabosqich
24 tamaterial
Ishtirok etish bepul

Musobaqa bosqichlari

Bosqichlar tuzilmasi va jadvali

XALQARO NORDIK UNIVERSITETI VA “IDC” NODAVLAT TA’LIM MUASSASASI HAMKORLIGIDA O‘TKAZILADIGAN “TOShKENT XALQARO MATEMATIKA OLIMPIADASI”NING

NIZOMI

1. Mazkur Nizom umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari, akademik litsey va kasb-hunar maktablari o‘quvchilari o‘rtasida Matematika fanidan Toshkent xalqaro matematika olimpiadasining (Tashkent International Mathematical Olympiad, TIMO – keyingi o‘rinlarda Olimpiada) hududiy-saralash, respublika va xalqaro bosqichini (uch bosqichli) o‘tkazish tartibini belgilaydi.

2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:

olimpiada — umumta’lim fanlari bo‘yicha Xalqaro Nordik universiteti, “IDC” nodavlat ta’lim muassasasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi (keyingi o‘rinlarda – Vazirlik), xalqaro tashkilotlar ko‘magida respublika miqyosida va xorijiy mamlakatlar maktablari o‘rtasida tizimli ravishda har yili tashkil etiladigan olimpiada;

onlayn olimpiada — o‘quvchilarning bilimlarini onlayn tarzda sinovdan o‘tkazish va faqat axborot texnologiyalari (kompyuter, planshet, telefon va boshqalar) orqali amalga oshiriladigan olimpiada;

olimpiada taqvimi — o‘quv yili davomida o‘tkazilishi rejalashtirilgan matematika fani olimpiadasining reja-jadvali;

olimpiada g‘oliblari — respublika darajasida 1, 2, 3-o‘rinlarni, xalqaro darajada oltin, kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritgan o‘quvchilar;

axborot tizimi — Xalqaro Nordik universitetining olimpiadani tashkil qilish va o‘tkazishga mo‘ljallangan veb-sayti.

3. Olimpiada yagona ilmiy-uslubiy yondashuv asosida adolatlilik, ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida o‘tkaziladi.

4. Olimpiada uchun test topshiriqlari, yozma va amaliy ishlarni (keyingi o‘rinlarda — nazorat materiallari) tayyorlash “IDC” nodavlat ta’lim muassasasi, olimpiadani o‘tkazish bilan bog‘liq tashkiliy tadbirlar Xalqaro Nordik universiteti tomonidan muvofiqlashtiriladi.

5. Mazkur olimpida tashabbus tartibida tashkil qilinayotganligi bois, Vazirlik bilan kelishgan holda o‘tkaziladi hamda olimpiadalar taqvimiga kiritish uchun yozma xat bilan murojaat qilinadi.

6. Olimpiadaning nazorat materiallari o‘quvchilarning bilim, ko‘nikmalarini standart va nostandart masalalarda, amaliy topshiriqlarda qo‘llay olish malakalarini va kompetensiyalarini baholashga qaratiladi.

7. O‘quvchilar olimpiadalarda o‘z xohishlariga ko‘ra, ixtiyoriy ravishda qatnashadilar.

I bob. Olimpiadaning asosiy maqsadi va vazifalari

8. Olimpiada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 11 sentyabdagi ““O‘zbekiston – 2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi PF-158-soni Farmoni hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 7 maydagi “Matematika sohasidagi ta’lim sifatini oshirish va ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4708-son qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash;

9. Xalqaro olimpiadaning asosiy maqsadi – o‘quvchilarning ijodiy qobiliyatlari, ilmiy-tadqiqot faoliyatiga qiziqishini oshirish, iqtidorli bolalarni qo‘llab-quvvatlash va ularning intellektual rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratishdan iborat.

10. Maqsadni amalga oshirish uchun qo‘yilgan vazifalar: ta’lim tashkilotlarining o‘quvchilari orasidan matematika fani bo‘yicha bilimli, ushbu fanga qiziquvchi, intiluvchan va ijodkor yoshlarni aniqlash, ulardaning tanqidiy-tahlil, ijodiy qobiliyatlarini ruyobga chiqarishlariga ko‘maklashish, qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish;

11. Olimpiadaning ikkinchi va uchinchi bosqichida muvaffaqiyatli ishtirok etib (10-11-sinflar uchun), g‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘quvchilarni Xalqaro Nordik universitetiga (keyingi o‘rinlarda Universitet) imtiyozli qabul qilish, kichik yoshdagi iqtidorli o‘quvchilarni Universitet va “IDC” nodavlat ta’lim markazi bilan hamkorlikda tizimli ravishda masofaviy ta’lim berish orqali matematik bilimlarini chuqurlashtirish, quyi sinf o‘quvchilarini yoshligidan ilm-fanga yo‘naltirish;

12. Xalqaro (International Advanced Levels) dasturlar talablariga muvofiq o‘quvchilarning STEAM fanlari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirishga ko‘maklashish;

13. Matematika fanini o‘quvchilar orasida keng yoyish, yoshlar orasida “Bilim insonni ulug‘laydi”, “Intilganga tole yor” shiorlari ostida targ‘ibot ishlarini tashkil etish, g‘oliblarning erishgan yutuqlarini keng jamoatchilikka yetkazishdan iborat.

II bob. Olimpiadani o‘tkazish tartibi va baholash mezoni

14. Olimpiada umumiy o‘rta ta’lim muassasalari, akademik litseylar va kasb-hunar maktab o‘quvchilari, Maktabgacha va maktab ta’lim vazirligi qoshidagi Prezident ta’lim muassasalari agentligiga qarashli ta’lim muassasalari hamda nodavlat ta’lim tashkilotlarining barcha 3-11-sinf o‘quvchilari ishtirok etishlari mumkin.

15. Olimpiadani o‘tkazish bosqichlari (uch bosqichli):

1-bosqichi (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar kesimida) har yili yanvar oyining oxirgi shanba, yakshanba kunlari respublikadagi barcha 3-11 sinf o‘quvchilari qamrovida (jami 9 ta sinf) maxsus platforma orqali onlayn tashkil etiladi;

2-bosqichi yilning fevral-mart oylarida har bir viloyatdan (sinflar kesimida) eng yuqori ball to‘plagan o‘quvchilar (Olimpiada qo'mitasining qaroroga muvofiq) hamda xorijiy davlatlarda tahsil olayotgan o‘quvchilar ishtirokida onlayn/oflayn formatida o‘tkaziladi;

3-bosqichi yilning mart-may oylarida Toshkent shahrida oflayn formatida tashkil etiladi. Bunda har bir viloyatdan olimpiadaning ikkinchi bosqichida eng yuqori ball to‘plagan bir nafardan iborat o‘quvchilar hamda xalqaro olimpiadalarda (IMO, Jautikov, Bolqon) faxrli o‘rinlarni olgan o‘quvchilar hamda TasIMO qo‘mitasining tavsiyasini (bayonnoma asosida) qo‘lga kiritgan talabgorlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri (3-bosqichga) ishtirok etish xuquqini qo‘lga kiritadilar. Ikkinchi bosqichda ishtirok etib, eng yuqori ball to‘plagan xorijiy davlatlar o‘quvchilari ham final bosqichda oflayn ishtirok etadilar. Xorijdan ishtirok etadigan talabgorlarning ro‘yxati shakllantirib boriladi.

16. Olimpiada natijalarini baholash mezonlari: olimpiadaning birinchi bosqichida 20 test va 70 daqiqa vaqt beriladi (onlayn). Test natijalarini baholash: 5*3,1=15,5; 5*4,2=21; 5*5,3=26,5; 5*7,4=37. Test natijalari jami 100 ballik tizimda onlayn baholanadi. olimpiadaning ikkinchi bosqichida 15 ta ochiq test va 5 ta javobi yoziladigan masala beriladi (onlayn). Ajratilgan vaqt 70 daqiqani tashkil etadi. Test natijalarini baholash: 5*3,1=15,5; 5*4,2=21; 5*5,3=26,5; 5*7,4=37. Test natijalari jami 100 ballik tizimda onlayn baholanadi. uchinchi bosqich Xalqaro Nordik universiteti binosida oflayn tashkil etiladi. Ushbu bosqich ikki guruhda o‘tkaziladi: Birinchi guruhda 3-9-sinf o‘quvchilari ishtirok etadilar va ularga jami 20 test, ya’ni 15 ta ochiq va 5 ta yopiq test taqdim etiladi. Savollarning qiyinlik darajasi 4 pog‘onaga bo‘lingan bo‘lib, har bir to‘g‘ri javob quyidagicha baholanadi: 5*3,1=15,5; 5*4,2=21; 5*5,3=26,5; 5*7,4=37. Test natijalari bo‘yicha maksmimal 100 ballni tashkil etadi. Ushbu guruhda ishtirok etganlarga har bir sinf kesimida bitta oltin (1-o‘ringa), bitta kumush (2-o‘ringa), bitta bronza (3-o‘ringa) medali taqdim etiladi. Agar o‘quvchilarning ballari teng kelib qolsa, ikkalasi ham munosib rag‘batlantiriladi. Ikkinchi guruh 10-, 11-sinf o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, 2 kun davom etadi. 1-kunda 3 ta masalaga 4,5 soat vaqt ajratiladi va maksimal 21 ball; 2-kunda ham 3 ta masalaga jami 4,5 soat vaqt ajratiladi va maksimal 21 ball beriladi. Shunda maksimal ball 42 ballni tashkil etadi. Ikkinchi guruh uchun Hayat komissiyasi tomonidan oltin, kumush va bronza medallarining quyi chegarasi belgilanadi. Ushbu chegaradan yuqori olganlarning barchasi medal bilan taqdirlanadilar.

17. Olimpiada bosqichlarida talabgorlarning ballari teng bo‘lib qolganda vaqt omili yoki qo‘shimcha savollar berish orqali g‘oliblar aniqlanadi.

1-§. Tashkiliy qo‘mita

18. Quyidagilar tashkiliy qo‘mitaning vazifalari hisoblanadi:

olimpiada o‘tkaziladigan joyni belgilash va tasdiqlash;

hakamlar hay’ati tarkibi, apellyatsiya komissiyasi a’zolari, auditoriya rahbarlari ro‘yxatini shakllantirish;

olimpiada nazorat materiallarining maxfiyligini, olimpiadani mazkur Nizom talablari asosida o‘tkazilishini ta’minlash;

olimpiadaning tashkil etilishi, o‘tkazilishi va natijalarini ommaviy axborot vositalarida yoritib borish;

barcha olimpiada ishtirokchilari haqidagi ma’lumotlarni axborot tizimiga kiritilishini muvofiqlashtirish.

19. Tashkiliy qo‘mita tarkibiga O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan xalqaro tashkilotlar vakillari, xorijiy OTM professor-o‘qituvchilari kiritilishi mumkin.

2-§. Hakamlar hay’ati

20. Olimpiadalarning barcha bosqichlarida tashkiliy qo‘mita tomonidan 3 kishidan 5 kishigacha tarkibda hakamlar hay’ati tuziladi.

21. Hakamlar hay’ati:

olimpiada jarayonida beriladigan nazorat materiallarini ekspertizadan o‘tkazadi;

olimpiada ishtirokchilari tomonidan bajarilgan ishlarni o‘rnatilgan baholash mezonlari asosida xolisona tekshiradi, baholaydi va g‘oliblarni aniqlaydi;

natijalarni olimpiada o‘tkazilgan kuni e’lon qiladi;

o‘tkazilgan olimpiada natijalari bo‘yicha qaror qabul qiladi va uni tashkiliy qo‘mitaga taqdim etadi.

22. Hakamlar hay’ati tarkibiga Tashkiliy qo‘mita tomonidan tasdiqlangan maktablar, nodavlat ta’lim tashkilotlari, oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot institutlarining yuqori malakali mutaxassislari, xorijiy ekspertlar jalb qilinadi. Hakamlar hay’ati a’zolari ochiq ovoz berish yo‘li bilan hay’at raisini saylaydilar.

23. Hakamlar hay’ati a’zolari olimpiada g‘oliblarini xolisona aniqlashda va nazorat materiallarining maxfiyligini ta’minlashda shaxsan javobgar hisoblanadi.

3-§. Auditoriya rahbari va nazoratchilar

24. Olimpiadaning uchinchi bosqichini (offlayn) tashkil etishda Tashkiliy qo‘mita tomonidan auditoriya rahbari va nazoratchilari tayinlanadi.

25. Auditoriya rahbarlari:

ishtirokchilarga olimpiadaning tartib-qoidalari to‘g‘risida qisqacha tushuntiradi;

olimpiada boshlanishi va tugash vaqtini e’lon qiladi hamda olimpiada jarayonini nazorat qiladi;

olimpiada jarayonida o‘rnatilgan tartib-qoidalarga amal qilmagan o‘quvchilarni olimpiadadan dalolatnoma tuzib chetlashtiradi;

ishtirokchilarning bajargan ishlarini shifrlab, tekshirish uchun hakamlar hay’atiga topshiradi;

hakamlar hay’ati tomonidan tekshirilgan ishlarni shifr bo‘yicha ro‘yxatini tuzadi va tashkiliy qo‘mitaga taqdim etadi.

26. Auditoriya nazoratchilari olimpiada o‘tkazilayotgan va o‘zlari biriktirilgan auditoriyada tartib saqlanishini ta’minlaydilar va auditoriya rahbariga qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirishda ko‘maklashadilar.

27. Olimpiada o‘tkaziladigan auditoriyalar videokuzatuv kameralari bilan jihozlanadi. Auditoriyada telefon va turli aloqa vositalaridan foydalanish taqiqlanadi. Sirkul va chizg‘ichdan foydalanishga ruxsat etiladi. Ommaviy axborot vositalari vakillariga olimpiada jarayoniga xalaqit qilmagan holda kuzatishlariga ruxsat beriladi.

28. Olimpiada o‘tkazilayotgan jarayonda ishtirokchilarning o‘zaro gaplashishi, aloqa vositalari va turli xil qo‘shimcha manbalardan foydalanishi taqiqlanadi. Bunday holatlar uchun ishtirokchi olimpiadadan chetlashtiriladi, bajargan ishlari tekshirilmaydi va baholanmaydi.

4-§. Apellyatsiya komissiyasi

29. Apellyatsiya komissiyasi hakamlar hay’ati tarkibiga kirmagan uch nafargacha matematika fani mutaxassislaridan iborat tarkibda tuziladi.

30. Apellyatsiya komissiyasi tomonidan olimpiada ishtirokchilarining arizalari olimpiada natijalari e’lon qilingan kunning o‘zida qabul qilinadi.

31. Apellyatsiyaga olimpiadalar ishtirokchilarining faqatgina o‘zlari tomonidan bajarilgan ishlarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha natija e’lon qilingandan so‘ng shu kunning o‘zida arizalar qabul qilinadi.

32. Hakamlar hay’ati tomonidan baholangan ishtirokchining bajargan ishida baholash mezonlariga mos kelmaslik holatlari aniqlanganda apellyatsiya komissiyasi hakamlar hay’ati qarorini bekor qilish yoki ularga o‘zgartirishlar kiritish huquqiga ega.

33. Apellyatsiya komissiyasi hakamlar hay’atiga apellyatsiya natijalari bo‘yicha izoh berib, olimpiada natijalarini o‘zgartirishi mumkin va bunda hakamlar hay’ati qarori qayta tasdiqlanadi.

34. Olimpiada bilan bog‘liq barcha ma’lumotlar, o‘tkazish tartibi, masala-misollarning namunaviy ko‘rinishlari, komissiya tarkibi, xalqaro juriylar www.tasimo.uz va olympiad.nordicuniversity.org saytlarida yuritiladi.

Hududiy-saralash, ya’ni birinchi bosqichida o‘quvchilar ixtiyoriy ravishda qatnashadilar. Ishtirokchilar quyidagi telegram botlari orqali ro‘yxatdan o‘tadilar.

https://t.me/tasimo_bot

https://t.me/tasimo1_bot

https://t.me/tasimo2_bot

https://t.me/tasimo3_bot

Ro‘yxatdan o‘tishlarini ta’minlashda yilning yanvar oylarida OAV, xususan televidenie, davriy nashrlar orqali e’lonlar keng xalq ommasiga taqdim etilib boriladi.

35. Olimpiadaning yakuniy bosqichi Xalqaro Nordik universiteti bazasida may oyining birinchi haftasida tashkil etiladi.

III bob. Olimpiadani tashkil etishni moliyalashtirish

36. Olimpiadani tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun Xalqaro Nordik universiteti, IDC markazi, xalqaro tashkilotlar va boshqa ko‘ngilli xomiylar mablag‘larii hisobidan Maxsus jamg‘arma (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma deb yurtiladi) shakllantiriladi.

37. Olimpiadaning uchinchi bosqichida o‘quvchilar ishtirokini ta’minlash bilan bog‘liq, xususan, sutkalik, yashash, transport va viza xarajatlari, jalb qilingan hakamlar hay’ati a’zolari va apellyatsiya komissiyasi a’zolarining xizmat safari bilan bog‘liq kunlik, yashash va transport xarajatlari Jamg‘arma hisobidan qoplanadi.

38. Olimpiadada ishtirok etgan hakamlar hay’ati a’zolari va apellyatsiya komissiyasi a’zolariga kelishuvga muvofiq bir martalik haq to‘lovlari amalga oshiriladi.

IV bob. Olimpiada g‘oliblarini taqdirlash va rag‘batlantirish

39. Olimpiadaning uchinchi bosqichida g‘olib bo‘lgan birinchi guruh o‘quvchilari (3-9-sinflar kesimida) va ularning rahbarlariga quyidagi miqdorda pul mukofotlari beriladi:

1-o‘ringa — bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari;

2-o‘ringa — bazaviy hisoblash miqdorining 16 baravari;

3-o‘ringa — bazaviy hisoblash miqdorining 12 baravari.

40. Ikkinchi guruh g‘oliblariga (10-11-sinf) jami 15 ming AQSh dollari (so‘m ekvivalentida 187 500 000 so‘m) miqdorida mukofot jamg‘armasi ajratiladi.

41. Olimpiadaning uchinchi bosqichida oltin, kumush, bronza medallarini olgan 10-,11-sinf o‘quvchilarga Xalqaro Nordik universitetida 100 foizlik grant asosida kirish huquqini beruvchi sertifikatlar (uch yil muddatga amal qiluvchi) taqdim etiladi va uning alohida elektron reestri yuritiladi.

V bob. Yakunlovchi qoidalar

42. Olimpiada o‘tkaziladigan joyning sanitariya normalari, qoidalari va gigiena normativlariga mosligi, o‘quvchilar sog‘ligi bilan bog‘liq masalalar Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan nazoratga olinadi.

43. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.

Logistika ma’lumotlari

I. TASIMO OLIMPIADASINING FINAL BOSQICHI

JOYI VA DASTURI

Olimpiada 2025-yilning 18-21 may kunlari bo‘lib o‘tadi.

Olimpiadaning rasmiy ochilishi 18-may, yakshanba kuni soat 8:00 dan 9:00 gacha Xalqaro Nordik universitetida (Sebzor, 22-a uy) bo‘lib o‘tadi.

Final bosqich ikki guruhda o‘tkaziladi. Birinchi guruhda - 3-9-sinflar o‘quvchilari ishtirok etadilar. Bellashuv 18-may kuni soat 8:30 dan boshlanadi va 120 daqiqa davom etadi.

Ikkinchi guruhda 10-11-sinflar o‘quvchilari ishtirok etadilar. Bellashuv 2 kun davom etadi, ya’ni 18-19-may kunlari 8:30 da boshlab 4,5 soatdan davom etadi.

18-19-may kunlari o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini samarali tashkil etish maqsadida Toshkent shahrining diqqatga sazovor joylariga sayohat uyushtiriladi.

20-may kuni appelyatsiya jarayonlari o‘tkaziladi va jamoa liderlari jalb qilinadi. Shuningdek, olimpiada ishtirokchilari Green Hills Resort tog‘ kurorti maskanida ko‘ngilochar tadbirga taklif qilinadi.

Olimpiadaning Yopilish, ya’ni taqdirlash marosimi 21-may, chorshanba kuni, soat 10:00 dan 13:00 gacha Toshkent shahar Yoshlar ijod saroyida bo‘lib o‘tadi.

Tadbirlar manzillari:

  • Yoshlar ijod Saroyi – Mustaqillik shoh ko‘chasi, 2-uy, 100078, Toshkent, O‘zbekiston

  • Nordic International University, 2-kampus – Sebzor ko‘chasi, 22A-uy, 100043, Toshkent, O‘zbekiston

  • GREEN HILLS Resort Uzbekistan – 8 Chimbaylik, 110-uy, Tashkent viloyati, Bo‘stonliq tumani,  Uzbekistan  

  • Toshkent politexnika muzeyi - Mirobod tumani, Amir Temur ko‘chasi, 13-uy, Toshkent, O‘zbekiston

  • Adiblar xiyoboni – Toshkentt shahridagi Milliy bog‘.

  • Magic City – Bobur ko‘chasi, 174-uy, Toshkent, O‘zbekiston


FORMAT

Olimpiada offlayn tarzda bo‘lib o‘tadi.


Xorijiy ishtirokchilarni ro‘yxatga olish

O‘zbekiston Respublikasidan qatnashuvchilar 1-bosqich avvalida onlayn ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Olimpiada qo‘mitasi tomonidan o‘quvchilar natijalari asosida final bosqich ishtirokchilari ro‘yxati shakllantirilgan.

Xorijiy ishtirokchilari uchun olimpiadaning 1-bosqichi 23-24-mart kunlari o‘tkazildi va olimpiadaning rasmiy saytida final bosqichiga yo‘llanma olgan o‘quvchilar ro‘yxati e’lon qilindi.

Final bosqichiga tavsiya etilgan barcha xorijiy ishtirokchilarning elektron pochtasiga taklif xatlari yuborildi.

Final bosqichiga tavsiya etilgan xorijiy ishtirokchilarning 18-21-may kunlari bo‘lib o‘tadigan olimpiadada qatnashishlarini tasdiqlash bo‘yicha javob xatlari 30-aprel kuniga qadar qabul qilinadi.

Olimpiada qo‘mitasining tavsiyasiga muvofiq, nufuzli xalqaro olimpiadada ishtirok etib kelayotgan terma jamoalar va sovrindorlarni ro‘yxatga olish 30-aprelga qadar davom etadi.

Eslatma: Olimpiada bellashuviga ishtirokchilar faqatgina olimpiada qo‘mitasi tomonidan shakllantirilgan ro‘yxat asosida kiritiladi.


ISHCHI TILLAR VA TARJIMA

Olimpiada qo‘mitasining ish tillari o‘zbek va ingliz tillaridir.

Barcha chiqishlar ushbu tillarda amalga oshiriladi.

Rasmiy ochilish marosimi jarayonlari ingliz tiliga ketma-ketlikda tarjima qilib boriladi.


MEHMONXONA

Hotel Uzbekistan – “O‘zbekiston” mehmonxonasi 1974-yildan beri sharqona mehmondo‘stligi bilan mashhur bo‘lib, Toshkentning qoq markazida joylashgan. Mehmonxona Toshkent metrosining “Amir Temur xiyoboni” bekati yaqinida. Mehmonxonada siz klassik jihozlangan shinam va hashamatli xonalardan foydalanishingiz mumkin.

Mehmonxona manzili: Maxtumquli ko‘chasi, 45-uy. Toshkent, O‘zbekiston.

 

Hotel Rohat Chilonzor – Mehmonxona Toshkent shahrining Chilonzor tumanidagi markaziy ko‘chalaridan biri - Chilonzorda joylashgan. Mehmonxona yaqinida asosiy futbol arenasi, “Milliy” stadion va G‘afur G‘ulom nomidagi istirohat bog‘i mavjud.

Mehmonxona manzili: Chilonzor ko‘chasi, 80-uy. Toshkent, O‘zbekiston.

 

OVQATLANISH

18-21 may kunlari olimpiada ishtirokchilari tashkilotchilar tomonidan nonushta, tushlik va kechki ovqat bilan ta’minlanadi.

Nonushta mehmonxonada tashkil etiladi. Tushlik va kechki ovqat joylarda yetkazib beriladi.


OMMAVIY AXBOROT VOSITALARI

Olimpiada davomida suratga olish va videotasvirga tushirish ishlari amalga oshiriladi.

Materiallar Nordic International University va UzreportTv hamda hamkorlari tomonidan veb-saytlar, ijtimoiy tarmoqlar yoki uchinchi tomon nashrlarida reklama maqsadlarida ishlatiladi.


ALOQA

Olimpiada ishtirokchilarining aloqa va rouming xarajatlari qoplanmaydi. Olimpiada manzillarida Wi-Fi tizimi mavjud bo‘ladi.


II. UMUMIY MA’LUMOTLAR
VALYUTA

O‘zbekiston Respublikasida pul birligi – so‘m (UZS). Toshkent aeroporti va banklarda pulni almashtirish mumkin. Valyuta kurslari haqida ma’lumot O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining rasmiy saytida mavjud: https://cbu.uz/en/


TELEFON KODI

+998


FAVQULODDA HOLATLAR UCHUN

  • Politsiya: 102

  • Tezkor xizmat: 1050

  • Tez tibbiy yordam: 103

  • Yong‘in xizmati: 101

  • Toshkent xalqaro aeroporti: +998 781402801


OB-HAVO

O‘zbekistonda bahor fasli odatda yumshoq va yomg‘irli o‘tadi. Olimpiada kunlari Toshkentda kunduzi o‘rtacha harorat +25°C dan +30°C gacha, kechasi esa +19°C dan +20°C gacha bo‘lishi kutilmoqda.

Safar oldidan ob-havo prognozini tekshirish va shunga mos ravishda kiyim tayyorlash tavsiya etiladi. Sovuq kechalar va yomg‘irli ob-havo uchun kurtka, yengil sviter va yomg‘irplash kerak bo‘lishi mumkin.


VAQT MINTAQASI

O‘zbekiston vaqti – GMT +5


TOSHKENT HAQIDA BA’ZI MA’LUMOTLAR

Aholisi:
Toshkent – O‘zbekistonning poytaxti va eng yirik shahri. 2025-yil holatiga ko‘ra aholi soni 3 112 800 kishini tashkil qiladi.

Madaniy meros:
Toshkent 2007-yilda “Islom dunyosining madaniy poytaxti” deb e’tirof etilgan. Shaharda ko‘plab tarixiy masjidlar va Islom universiteti mavjud.

Usmon Qur’oni saqlanadigan joy:
Toshkentdagi Telyashayx (Xast-Imom) masjidi dunyodagi eng qadimiy Qur’on nusxasi – Usmon Qur’onini o‘zida saqlaydi. Ushbu Qur’on 655-yilga tegishli bo‘lib, xalifa Usmonning shahid bo‘lganida to‘kilgan qon izlari bilan mashhur.


LOGISTIKA BO‘YICHA ALOQA

Nordic International University vakillari (rus va ingliz tillarida):

  • ·                 Abdurauf: +998 90 091 85 88

  • ·                 Farxod: +998 93 400 44 24

  • ·                 Rushana: +998 94 600 11 72

  • ·                 Navruzbek: +998 91 254 77 73

Logistika bo‘yicha barcha savollar uchun quyidagi shaxslar bilan bog‘laning:

Abdurauf Tolibov (O‘zbekcha, inglizcha, ruscha): a.tolibov@nordicuniversity.org, +998 90 091 85 88

Irisqulov Farxod (O‘zbekcha, ruscha): nordicmail2023@gmail.com, +998 93 400 44 24

Aliakbarova Rushana (O‘zbekcha, inglizcha, ruscha): tasimo.maths@gmail.com, +998 94 600 11 72

 Islamov Navruzbek (O‘zbekcha, inglizcha, ruscha): shaxzodbek7773@gmail.com, +998912547773

TOSHKENT XALQARO MATEMATIKA OLIMPIADASINING (TASIMO‑2025) FINAL BOSQICHINI TASHKIL ETISH SSENARIYSI

Boshlanish sanasi: 2025‑yil 18 may, soat 08:30

Manzil: Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, Sebzor ko‘chasi 22‑A uy (Xalqaro Nordik Universitetining “Xadra” o‘quv binosi). Mo‘ljal: Sirk ro‘parasi.

Tashkilotchilar: Xalqaro Nordik universiteti, IDC Ta’lim markazi, UzReport TV.

Hamkorlar: Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi; Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi; O‘zbekiston Respublikasi Bolalar ombudsmani; Jahon banki; Yunisef; Rowan University (USA); Kareliya Amaliy fanlar universiteti (Finlandiya); “Xalq so‘zi” va “Narodnoye slovo” gazetasi.

Ishtirokchilar: TasIMO olimpiadasi final bosqichiga tavsiya etilgan 3‑11‑sinf o‘quvchilari (mahalliy va xorijiy), jami 250 nafar.

DASTUR

2025‑yil 17 may (shanba)

Kun davomida viloyatlardan keladiganlarni kutib olish. Mahalliy o‘quvchi‑ishtirokchilar, ularning rahbarlari/ota‑onalari “Rohat” mehmonxonasiga joylashtiriladi (Mas’ullar: M. Abdullaev, X. Sobirov, M. To‘laev, volontyorlar).

Chet el ishtirokchilari va ularning ota‑ona / rahbarlarini Toshkent aeroportida kutib olish, “O‘zbekiston” mehmonxonasiga joylashtirish (Mas’ullar: F. Iriskulov, A. Tolibov, J. Tojiboev, Sh. Yo‘ldashev,  N. Islamov, volontyorlar).


2025‑yil 18 may (yakshanba)

REGLAMENT

TADBIRLAR

07:00 – 07:30

NONUSHTA

08:00

Olimpiada o‘tkaziladigan “Xadra” o‘quv binosiga yetib kelish (Toshkent sh., Shayxontohur t., Sebzor ko‘chasi 22‑A uy)

KIRISH SO‘ZI

Moderatorlar: A. Tolibov, R. Aliakbarova

08:00 – 08:05

Xalqaro Nordik universiteti rektori – Sherzod Mustafakulov

08:05 – 08:10

Jahon banki vakillari
Yunisef xalqaro tashkiloti vakillari

08:10 – 08:15

UzReport TV kanali Bosh direktori – Ravshan Djuraev

08:15 – 08:20

IDC Ta’lim markazi direktori – Ozod Zoyirov

08:20 – 09:00

Sinflar kesimida o‘quvchilarni olimpiada o‘tkaziladigan auditoriyalarga joylashtirish

09:00 – 11:00

3‑9‑sinf o‘quvchilari uchun 120 daqiqalik olimpiada jarayonlari

11:00 – 11:30

3‑9‑sinfga tushgan masalalar yechimlari bilan tanishish

11:30 – 13:30

3‑9‑sinf o‘quvchilari uchun XNU talaba‑volontyorlari tomonidan ko‘ngilochar tadbirlar (sport, arqon tortish, lanka tepish, varrak uchirish, badminton, stol tennisi va h.k.)

09:00 – 13:30

10‑11‑sinf o‘quvchilari o‘rtasida 4,5 soatlik olimpiada jarayonlari

13:30 – 15:00

TUSHLIK

15:00 – 18:00

Toshkent Politeknika muzeyiga tashrif (Mas’ullar: E. Umarov, N. Qodirov, media vakillari, Z. Norkbekova, tyutorlar, volontyor‑talabalar)

19:00 – 21:00

KECHKI OVQATLANISH

21:00 – 22:00

Mehmonxonalarga yetib kelish

22:00

Dam olish

2025 yil 19 may (dushanba)

REGLAMENT

TADBIRLAR

07:00 – 07:30

NONUSHTA

08:00

10‑11‑sinf o‘quvchi‑talabgorlarning XNUga yetib kelishi;
10‑11‑sinf uchun Olimpiadaning 2‑kuni (ajratilgan vaqt: 4,5 soat)

09:00 – 13:00

Adiblar xiyoboniga tashrif (3‑9‑sinf). Bayramona konsert dasturi. Mas’ullar: E. Umarov, N. Qodirov, Q. Panjiyev, N. Lutfullaeva, Z. Xamidova, D. Miralieva, S. Shomurodova, tyutorlar, volontyor‑talabalar

13:00 – 15:00

TUSHLIK

15:00 – 17:00

Magic City – Akvariumga tashrif

17:00 – 20:00

Magic City bo‘ylab sayohat: dor yo‘lida uchish, film tomoshasi, musobaqalar, do‘konlarga tashrif va h.k. Mas’ullar: E. Umarov, N. Qodirov, N. Lutfullaeva, Z. Xamidova, D. Miralieva, S. Shodmonova, media vakillari, tyutorlar, volontyor‑talabalar

20:00 – 21:00

KECHKI OVQATLANISH

21:00 – 22:00

Mehmonxonalarga yetib kelish

22:00

Dam olish

2025 yil 20 may (seshanba)

REGLAMENT

TADBIRLAR

07:00 – 08:30

NONUSHTA

08:30 – 10:30

“Green Hills Resort” dam olish maskaniga yetib kelish (Bo‘stonliq tumani, Toshkent viloyati)

10:30 – 13:00

Intelektual viktorina, Zakovat va boshqa ko‘ngil ochar tadbirlarda ishtirok. Mas’ullar: Fakultet xodimlari, tyutorlar, media vakillari,  A. Tolibov, Sh. Abdujabborov, U. Xoshimov, volontyorlar

13:00 – 15:00

TUSHLIK

15:00 – 19:00

Sport musobaqalarida ishtirok; Green Hills hududi bo‘ylab sayohat, toqqa chiqish, gullar terish, esdalik foto‑video

19:00 – 20:00

KECHKI OVQATLANISH

20:00 – 22:00

Toshkentga qaytish va mehmonxonalarga joylashish

22:00

Dam olish

2025 yil 21 may (chorshanba)

REGLAMENT

TADBIRLAR

07:00 – 09:30

NONUSHTA

09:30 – 10:00

Yoshlar Ijodiyot Saroyiga tashrif; joylarni band qilish, yopilish marosimiga tayyorgarlik

10:00 – 12:00

Katta zalda TasIMO‑2025 Olimpiadasining yopilish marosimi, g‘oliblarni taqdirlash, medallarni topshirish. Mehmonlar: vazirliklar, elchilar, xalqaro tashkilot va diplomatik korpus vakillari

12:00

Ishtirokchilarni kuzatish

Izoh

Javob variantlari Hakamalar hay’ati tomonidan olimpiada tugashi bilan ilib qo‘yiladi.

Apellyatsiya komissiyasi 10‑11‑sinf­lar uchun 19 may (18:00 – 20:00) va 20 may (10:00 – 16:00) da faoliyat yuritadi.


Intilganga tole yor!
Where there's a will, there's a way!

Materiallar

Masalalar va yechimlar

Sinflar

TASIMO-2025 | 1-bosqich

3-sinf
Sinflar

TASIMO-2025 | 1-bosqich

4-sinf
Sinflar

TASIMO-2025 | 1-bosqich

5-sinf
Sinflar

TASIMO-2025 | 1-bosqich

6-sinf
Sinflar

TASIMO-2025 | 1-bosqich

7-sinf
Sinflar

TASIMO-2025 | 1-bosqich

8-sinf

Yopilish marosimi